Germaniya hukumati Yevropaning eng yirik aviakompaniyasiga yordam berishga qaror qildi

Germaniya hukumati koronavirus pandemiyasi sababli og‘ir vaziyatda qolgan Lufthansa aviakompaniyasiga yordam berishga qaror qildi. Kompaniya aksiyadorlari safidan 1997-yilda chiqqan davlat 23 yil o‘tib yana ular qatoriga qaytmoqda.

Kompaniyaga yordam berish shartlariga ko‘ra, davlat Iqtisodiyotni barqarorlashtirish jamg‘armasi orqali Lufthansa’ning qo‘shimcha chiqarilgan aksiyalarini sotib olib, uning kapitalida 20 foiz ulushni qo‘lga kiritadi.

Aksiyalar 2,56 yevrodan sotib olinadi. Davlat bu maqsadda umumiy hisobda 300 mln yevroga yaqin pul to‘laydi. Yangi aksiyador aviakompaniya kuzatuvchilar kengashiga 2 a’zoni tayinlash huquqini qo‘lga kiritadi.

Germaniya hukumati Lufthansa’ga yordam uchun ajratayotgan umumiy mablag‘ 9 mlrd yevroni tashkil qiladi. Vaholanki, kompaniyaning kapitallashuvi 4 mlrd yevrodan sal ko‘proqni tashkil qiladi. Ushbu summadan davlat 5,7 mlrd yevroni aviakompaniyaga ovoz bermaydigan kapital sifatida kiritadi. Kompaniya jamg‘armaga 2020-2021 yillarda 4 foizlik mukofot to‘lashi va uni 2027 yilga qadar 9,5 foizgacha sekin-asta oshib borishi kerak bo‘ladi. Agar kompaniya kompensatsiya to‘lay olmasa, jamg‘armaning kompaniya kapitalidagi ulushi 5 foizga (2024 yildan keyin), so‘ngra yana 5 foizga (2026 yilda) oshishi mumkin. Lufthansa ajratilgan mablag‘larning barchasini jamg‘armaga qaytara olsa, jamg‘arma unga tegishli aksiyalarni 2023 yil 31 dekabrdan kech bo‘lmagan muddatda bozor narxida qayta sotish majburiyatini oladi.

Kompaniya Kreditanstalt für Wiederaufbau davlat banki va boshqa banklardan uch yillik kredit sifatida yana 3 mlrd yevro oladi.

Davlat Lufthansa’ni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandan keyin kompaniya aksiyalari 7,6 foizga qimmatlashib, bir donasi narxi 8,64 yevrogacha yetgan.

Yevropaning eng yirik aviakompaniyasi hisoblanuvchi Lufthansa aviakompaniyasi 1926 yilda tashkil etilgan. 1994 yilgacha u davlat aviakompaniyasi bo‘lgan, 1997 yilda esa to‘liq sarmoyachilarga o‘tgan. Kompaniya sarmoyachilari orasida  Deutsche Postbank va Deutsche Bank banklari bor.

Manba: kun.uz

Fikr bildirish