Angliyada 15 iyundan nooziq-ovqat do‘konlari ochiladi

Bosh vazir Boris Jonson cheklovlar olib tashlanganidan so‘ng mamlakat iqtisodiyotini tezroq tiklash uchun aholini pullarini sarflashga chaqirdi.

Angliyada 1 iyundan ochiq havodagi bozorlar va avtosalonlarning ishlashiga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi, 15 iyundan nooziq-ovqat do‘konlari ochiladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonga tayanib Bloomberg xabar berdi.

15 iyundan kiyim-kechak, poyabzal, o‘yinchoq, mebel, kitob va elektronika do‘konlari, atele, fotostudiya, yopiq bozorlar va kimoshdi savdo uylari faoliyatini qaytadan boshlaydi.

Britaniya bosh vazirining ta’kidlashicha, savdo nuqtalari faoliyatini boshlash uchun koronavirus tarqalishiga qarshi chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak.

Xabarda aytilishicha, xaridorlar tez-tez qo‘lini tegizadigan buyumlar yuzalari muntazam tozalab turilishi, xaridorlar qaytarib kelgan buyumlar kamida 72 soat saqlanishi kabi talablar qo‘yilmoqda.

Jonson shuningdek, cheklovlar olib tashlanganidan so‘ng mamlakat iqtisodiyotini tezroq tiklash uchun aholini pullarini sarflashga chaqirdi.

E’lon qilingan yumshatish choralari faqat Angliyaga taalluqli. Buyuk Britaniyaning boshqa qismlari  – Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya cheklovlarni o‘z hukumatlari belgilagan jadval asosida bekor qiladi.

Jons Hopkins universitetining ma’lumot berishicha, Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinganlar soni 260 mingdan oshgan, 37 mingga yaqin bemor vafot etgan.

Manba: kun.uz

Fikr bildirish