AQSh Apple’ni Rossiya va Xitoyga ishlashda ayblamoqda

iPhone qulfini buzish orzusida

Mamlakat bosh prokurori Uilyam Barr 18 may kuni Apple avtoritar tuzumdagi Xitoy va Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlik qilishini ma’lum qildi. Shuningdek, prokuror avtoritar tuzumlar bilan hamkorlik qilayotgan Apple o‘zi joylashgan AQShga yordam berishni istamayotganini aytdi.

Butun boshli mamlakatlarning xavfsizlik xizmatlari buzib kirolmaydigan darajadagi himoya tizimiga ega iPhone foydalanuvchilari bu holatda ikkilanib qolishdi. Ular bir tomondan hatto MRB apparatlarini buzib kirolmasligidan xursand bo‘lishsa, boshqa tomondan AQSh bosh prokurorining Apple Rossiya va Xitoyga ishlashini aytgani bu mamlakatlar va ularning ta’siridagi boshqa hududdagi odamlarni xavotirga solgan bo‘lishi tayin. Axir inson uchun eng asosiy huquqlardan biri daxlsizlik, shunday emasmi?

Xullas, barchasi o‘tgan yil 6 dekabr kuni AQShda sodir etilgan teraktning tergov jarayonida boshlandi. Floridadagi harbiy dengiz kuchlariga tegishli bazada otishma keltirib chiqargan jinoyatchi voqea joyida otib o‘ldiriladi. Oqibatda kalavaning uchini topish qiyinlashib ketadi. Tabiiyki, uning telefoni orqali nimagadir erishish mumkin edi, lekin AQSh maxsus xizmatlari terrorchiga tegishli iPhone’ni «buzib kirib», undagi ma’lumotlarni olisholmaydi. Telefonni ochib berish so‘rovi bilan Apple’ga murojaat qilinib, rad javobi olinadi.


Uilyam Barr
© AP Photo / Patrick Semansky

«Apple Xitoy Kommunistik partiyasi, shuningdek, Rossiya rejimi bilan hamkorlik qiladi. Bu davlatlarda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini joylashtirib, ularga odamlar ustida ommaviy nazorat o‘rnatishga yordam beradi.

Ma’lum bo‘lishicha, Apple demokratiya tarafdorlari foydalangan funksiyalarni o‘chirish orqali senzura va inson huquqlari toptalishiga sabab bo‘lgan. Avtoritar tuzumlar bilan hamkorlik qilayotgan Apple kabi kompaniyalar qonun ustuvor bo‘lgan, insonlarning erkinligi ta’minlangan, daxlsizlik huquqi bo‘lgan va sud kafolati mavjud davlatlar bilan (tabiiyki AQSh nazarda tutilmoqda) ishlamaslik uchun bahona qidirmasligi kerak», degan AQSh bosh prokurori.

Mojaro qanday keskinlashdi?

Apple ko‘p yillardan buyon AQSh hukumati bilan hamkorlik qilishni va iPhone’larni buzib kiruvchi dasturni taqdim etishni rad etib keladi. Balki shuning uchundir AQShda sodir etilgan juda ko‘p terakt ishtirokchilari aynan iPhone ishlatishgan. Foydalanuvchilar xavfsizligi uchun butun boshli AQSh hukumatining so‘rovini «bezbetlarcha» rad eta olishi Apple’ning xavfsizlikni afzal ko‘ruvchi odamlar orasida obro‘si va savdosi oshishiga olib kelmoqda.

Masalan, 2015 yil 2 dekabrda Kaliforniyadagi San-Bernardino shahrida sodir etilgan teraktning ikki tashkilotchisidan biri Said Faruqning iPhone 5S telefonidagi ma’lumotlarni olish uchun Apple bilan uzoq muzokara o‘tkazib, rad javobini olishdi. AQSh xavfsizlik agentligi terrorchining telefonini mustaqil tarzda «buzib kirolmagani»ni tan olgan. Buning uchun xususiy kompaniyalardan biriga million dollar atrofida to‘lashga to‘g‘ri kelgan.

Floridadagi harbiy bazada otishma sodir etgan Said Al Shamroniy voqea joyida o‘ldirilgach, uning telefonidagi ma’lumotlarni bilish juda muhim edi, chunki hukumat uni «Al Qoida»ga aloqador deb hisoblaydi. Shu bois federal qidiruv byurosi yanvar oyida Shamroniyga tegishli iPhone 5 va iPhone 7 telefonlarini «buzib kirishga» yordam berish uchun Apple’ga so‘rov yuboradi. Kompaniya esa bu borada «qo‘lidan kelganini qilgani», faqat iPhone uchun maxsus «bekdor» (orqa eshik ma’nosini bildiradi va telefonlarni buzib kirish uchun foydalaniladigan dastur nazarda tutilmoqda) taqdim eta olmasligini ma’lum qilgan.

AQSh hukumati uzoq yillardan buyon Apple’dan qurilmalarga tezkor kirish imkonini beradigan «bekdor» dasturini taqdim etishni so‘rab keladi va hanuz bunga ijobiy javob olgani yo‘q. O‘z navbatida Forbes’ga ko‘ra, AQShning Grayshit kompaniyasi GrayKey dasturi orqali iPhone’ning har qanday turini, hatto 11-modelini ham blokdan ocha oladi.

Nega Apple rad javobini berib keladi?

Shu o‘rinda Apple bejiz rad javobini bermagani haqida ikki og‘iz. AQSh hukumati kompaniyaga muammoli telefon borasida so‘rov yuborar ekan, ko‘pincha har qanday telefonning qulfini buzib kira olish uchun umumiy dastur so‘raydi. Endi o‘zingiz o‘ylang, bir kishining telefonini ochish uchun butun boshli millionlab foydalanuvchilarning daxlsizligini xavf ostida qoldirish kerakmi? Mana shu sabab Apple o‘z qurilmalariga kirish imkonini beradigan dasturni hukumatga taqdim etishni xohlamaydi va bu kompaniyaga aql bovar qilmas darajada katta obro‘ taqdim etadi. Garchi butun boshli AQSh xavfsizlik xizmati xodimlari Apple telefonlarini qulfdan ochishi imkonsizligi safsata ekanini aytadiganlar ko‘p bo‘lsa ham.

«Muloyim tabassumga undaydigan ayblov»

Rossiya prezidentining xalqaro hamkorlik va axborot xavfsizligi borasidagi maxsus vakili Andrey Krutskix AQSh bosh prokurorining Apple Rossiya bilan hamkorlik qilishi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi: «Bunaqa gaplar faqatgina muloyim kulib qo‘yishga undaydi. AQShda Rossiyaga qarshi ayblovlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu xuddi boshqalar qo‘rqishi uchun o‘zingnikini ur, deyishga o‘xshaydi. Bu ularni (ya’ni AQShni) yaxshi holatda ko‘rsatmasligi aniq».

Shu o‘rinda qiziq fakt: 2019 yil yanvarda Rossiyada «Eppl Rus» nomli MJCh paydo bo‘ladi va uning vazifasi sifatida Apple telefonlarini Rossiya bo‘ylab sotish bilan birga ma’lumotlarni qayta ishlash ekani ham belgilangan. Kimlarga tegishli ma’lumotlar qayta ishlanishi haqida bandda esa foydalanuvchilar ham keltirilgan. Qayta ishlangan ma’lumotlarni saqlash joyi sifatida esa Rossiya ko‘rsatilgan. Balki mana shu holat AQSh hukumatiga yoqmagandir.

O‘z navbatida Apple’ning Xitoy maxsus xizmatlari bilan hamkorligi haqidagi gapni ham AQSh bosh prokurori havodan olmagan. Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, Apple mamlakat hududida sotiladigan qurilmalardagi iCloud ma’lumotlarini Xitoydagi ma’lumot markazlariga yuborishga majbur.

iPhone foydalanuvchilarining xavfsirashga asos bormi?

Apple Rossiyada ma’lumotlarni qayta ishlaydigan markazni ishga tushirgani foydalanuvchilar uchun nimani anglatadi? VVS bilan suhbatda bu savolga rossiyalik advokat Ivan Pavlov javob berdi: «Apple Rossiyada o‘z tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazgach o‘zi ham Rossiyadagi korxonadan kam bo‘lmagan xatarga duch keladi. Ma’lumotlar Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotda qayta ishlangandan so‘ng ular huquq-tartibot organlari tomonidan so‘ralishi mumkin.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, huquq-tartibot organlari tomonidan bosim bo‘lishi hech gap emas. Bosim yengilroq, ya’ni shunchaki ma’lumot olish uchun so‘rov ko‘rinishida, yoki jiddiy tarzda – tintuv o‘tkazish va serverlarni tortib olish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin», deydi advokat.

Ma’lumot uchun, Rossiya ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, huquq-tartibot organlariga ma’lumot taqdim etishdan bosh tortish uchun 5 ming rubl miqdorida jarima belgilangan. Prokuror yoki tergovchining so‘rovi rad etilsa, jarima 100 ming rublgacha oshishi va hatto korxona faoliyati ikki oygacha to‘xtatilishi mumkin.

«Biz hamma yerda bir xil iPhone sotamiz»

Apple AQSh hukumatining o‘ziga nisbatan ayblovlariga javob qaytardi: «Mijozlar Apple ularning ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlashiga ishonadi. Xavfsizlikni ta’minlash uchun amalga oshiradigan ishlarimizdan biri bu –qurilmalarimiz va serverlarimizda ishonchli shifrlashni amalga oshirish.

Biz hamma yerda bir xil iPhone sotamiz va qulflangan qurilmalarni ocha olmaymiz. Hech kimning parolini saqlab qo‘ymaymiz. Ma’lumotlar qayta ishlanadigan markazlarimizda axborot xavfsizligini ta’minlaydigan texnologiyalardan foydalanamiz. Bu sistemamiz uchun «bekdor» yaratish xavfining oldini oladi. Biz faoliyati yuritadigan barcha mamlakatlarda bu harakatlar bir xil bosqichda amalga oshiriladi», deyilgan kompaniya bayonotida.

Apple har yili o‘ziga xos «shaffoflik hisoboti» taqdim etadi. Unda kompaniyaga dunyoning turli davlatlaridagi xavfsizlik xizmatlari tomonidan yuborilgan so‘rovlar e’lon qilib boriladi. Masalan, 2019 yilning birinchi yarmida Rossiya tomonidan 1 219ta so‘rov qabul qilingan va ularning 82 foizi qanoatlantirilgan. Taqqoslash uchun, 2013 yildan buyon Ukraina maxsus xizmatlari Apple’ga 11ta qurilmagan kirish imkoni uchun so‘rov yuborgan va ularning 3tasi qanoatlantirilgan.

Ma’lumot uchun, 1976 yil AQShda asos solingan Apple kompaniyasining ayni damdagi umumiy narxi 1,4 trillion dollardan qimmatroqqa baholangan. Apple qiymati 1 trillion dollardan oshgan ilk kompaniya hisoblanadi. Korxonaning asosiy mahsuloti – iPhone smartfonlari. 2019 yilda butun dunyo bo‘ylab 260 million dona iPhone sotilgan. Turli manbalarga ko‘ra, iPhone ishlab chiqarilganidan buyon dunyo bo‘ylab uning 2,2 trillion donasi sotilgan.

Manba: kun.uz

Fikr bildirish